26Oct-2026
«Betakror ijod sohibi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbat
O‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, atoqli yozuvchi va jamoat arbobi Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan «Betakror ijod sohibi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Yosh avlod qalblarida milliy adabiyotimizga bo‘lgan hurmat va mehr-muhabbatni oshirish, ularni kitobxonlikka keng jalb etish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirda 16-sonli maktab o‘quvchilari va Axborot-kutubxona markazi xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir boshida Abonement va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati xodimi Nazira Kuanishbaeva so‘zga chiqib, adibning boy hayot yo‘li, adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi va uning qalamiga mansub sara asarlar haqida tayyorlangan ma’ruzani o‘qib eshittirdi.
O‘quvchilar e’tiboriga Odil Yoqubovning ibratli umr yo‘li, uning ijodiy merosi va zamondoshlarining e’tiroflarini aks ettiruvchi maxsus videorolik taqdim etildi. Bu namoyish yoshlarda adib siymosi va uning asarlari haqida yanada yorqinroq tasavvur uyg‘otdi.
Abonement va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati xodimi Madina Muxtarbayeva yozuvchining mashhur «Bir felyeton qissasi» asari mazmun-mohiyatini qiziqarli va ta’sirchan tarzda so‘zlab berdi. Asardagi bosh g‘oya, adolat va haqiqat uchun kashf etilgan xarakterlar hamda undagi tarbiyaviy ahamiyat o‘quvchilar o‘rtasida katta qiziqish va mulohazalarga sabab bo‘ldi.
Davra suhbati samimiy va jonli savol-javoblar ruhiyatida o‘tdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olib, adibning boshqa kitoblarini ham mutolaa qilish istagini bildirdilar. Bunday tadbirlar yoshlarning adabiy dunyoqarashini boyitishda va ularni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
