03Jul-2026
«Kim bo‘lsam ekan?» mavzusida kelajak kasblariga bag‘ishlangan davra suhbati
Bugun «Jayhun-2» bolalar oromgohi tarbiyalanuvchilari bilan «Kim bo‘lsam ekan?» mavzusida kelajak kasblariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati davomida tarbiyalanuvchilar o‘zlari qiziqayotgan va kelajakda egallashni orzu qilayotgan kasblar haqida qizg‘in fikr almashdilar. O‘quvchilar shifokor, o‘qituvchi, styuardessa (bort kuzatuvchisi), dasturchi, kabi turli kasblar haqida o‘z orzu va maqsadlarini bayon etdilar.
Suhbat jarayonida har bir kasbning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil tushunchalar berildi. Shuningdek, o‘quvchilarga kelajakda kasb tanlash inson hayotidagi eng muhim qarorlardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Chunki insonning kelajakdagi muvaffaqiyati, hayot tarzi va jamiyatdagi o‘rni ko‘p jihatdan tanlagan kasbiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli kasb tanlashda inson avvalo o‘z qiziqishi, qobiliyati va iste’dodini hisobga olishi lozimligi tushuntirildi.
Davra suhbati davomida o‘quvchilarga bugundan boshlab puxta bilim olish, o‘z ustida muntazam ishlash, kitob mutolaa qilish hamda zamonaviy kasblarni o‘rganib borish zarurligi haqida tavsiyalar berildi. Davra suhbati o‘quvchilarning kelajak rejalari haqida erkin fikr yuritishiga, o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yishiga va kasb tanlashga mas’uliyat bilan yondashishlariga xizmat qildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularni to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish hamda Vatanga munosib farzand bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
