21Apr-2026
“Yoshlar tarbiyasida kitob va kutubxonalar” mavzusida davra suhbati
Kitobxon avlod tarbiyasida, avvalo, onaning tarbiyali bo‘lishi, badiiy adabiyotga oshno ekanligi muhimdir. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida o‘tkaziladigan 2022–2023 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq har oyning 17-sanasi “Kitobxon onalar kuni” deb belgilangan. Shu munosabat bilan 2026-yil 17-aprel kuni Qo‘ng‘irot tumani Axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan VI Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida “Yoshlar tarbiyasida kitob va kutubxonalar” mavzusida davra suhbati tashkillashtirildi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan mutaxassislar va kitobxon onalar yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladilar. Ular o‘z nutqlarida farzandlar ongida kitobga mehr uyg‘otish, ularni muntazam mutolaa qilishga undash avvalo oiladan, xususan, onalarning shaxsiy namunasidan boshlanishini qayd etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, bugungi kunda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda kutubxonalarning roli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish orqali kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Tadbirda kitobxon ona T. Yakupbayeva so’zga chiqib Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlar, front ortida qolgan insonlarning mashaqqatli mehnati va cheksiz matonati haqida so‘z yuritdi. Urush davrida ochlik, yo‘qchilik va ayriliqlarga qaramay, xalqimizning sabr-bardoshi hamda Vatanga bo‘lgan sadoqati misol tariqasida keltirildi. Shu bilan birga, bugungi tinch va farovon hayot, keng imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim va axborot resurslari bilan ta’minlangan yoshlar bu ne’matlarning qadriga yetishi, tarixdan saboq olib, yurt ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati qizg‘in savol-javoblar, bahs-munozaralar ruhida o‘tdi.
Mazkur tadbir kitobxonlikni keng targ‘ib etish, ayniqsa, onalar va yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirishda muhim qadam bo‘ldi. Zero, kitobsevar oila – ma’naviy yetuk jamiyat poydevoridir.
