30Mar-2026
«Kitob taqdimoti»
Qo‘ng‘irot tumani Axborot-kutubxona markazida kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda yangi adabiyotlar bilan kitobxonlarni tanishtirish maqsadida navbatdagi kitob taqdimoti tashkil etildi. Tadbir davomida markaz xodimlari tomonidan ikki muhim badiiy asar keng jamoatchilikka tanishtirildi.
Taqdimot jarayonida abonement va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati xodimi G.Orimbaeva tomonidan yozuvchi Gulaysha Esemuratovaning “Ayday qiz” asari haqida batafsil ma’lumot berildi. Asarda insoniy fazilatlar, hayotiy sinovlar, ayolning sabr-toqati hamda orzu-umidlari badiiy tarzda yoritilgani ta’kidlandi. Mutaxassis asarning mazmuni, g‘oyaviy yo‘nalishi hamda kitobxonlar uchun ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, bibliografiya xizmati bibliografi Z.Tileumuratova tomonidan yozuvchi Abdurashid Nurmurodovning “Qonli yo‘rgaklar” nomli asari taqdim etildi. Ushbu kitobda tarixiy voqealar, inson taqdiri va murakkab hayotiy sinovlar chuqur badiiy ifoda etilgani haqida so‘z yuritildi. Taqdimot davomida asarning mazmun-mohiyati, muallifning ijodiy yo‘li hamda kitobning kitobxonlar qalbida qoldiradigan ta’siri haqida fikrlar bildirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining birinchi mintaqaviy hududi, mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi xodimlari ham faol ishtirok etishdi. Ular asarlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bunday ma’rifiy tadbirlarning yoshlar va keng jamoatchilik orasida kitobxonlik madaniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Kitob taqdimoti davomida ishtirokchilar asarlar haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, mualliflarning ijodiga qiziqish bildirildi hamda kitobxonlar tomonidan turli savollar berildi. Taqdim etilgan asarlar tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otib, ularni kitoblarni o‘qishga undadi.
