18Jun-2026
“Biz baxtli bolalarmiz” nomli tadbir
Qo‘ng‘irot tumani Jayhun-2 bolalar oromgohida “Biz baxtli bolalarmiz” nomli tadbir davomida o‘zbek, qoraqalpoq va jahon xalq ertaklari hamda romanlaridan tayyorlangan audio kitoblar bolajonlarga eshittirildi. Tadbir davomida bolalar audio asarlarni katta qiziqish bilan tinglab, qahramonlarning sarguzashtlari, ularning fazilatlari va asarlardan olgan taassurotlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Audio kitoblar orqali bolalarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsad qilingan tadbirda turli savol-javoblar va qiziqarli viktorinalar ham o‘tkazildi.
Tadbir yakunida kitob va mutolaaning inson hayotidagi o‘rni, bilim va ma’naviyatni yuksaltirishdagi ahamiyati haqida suhbat tashkil etildi. Bolalar o‘zlari sevib tinglagan ertak va hikoyalar qahramonlariga taqlid qilish, kelajakda ko‘proq kitob o‘qish istagini bildirdilar.
Mazkur tadbir Jayhun-2 bolalar oromgohida yozgi dam olish mavsumida bolalarning ma’naviy hordiq chiqarishi, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi. Oromgohda yozgi mavsum davomida kitobxonlik kechalari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va turli madaniy tadbirlar muntazam tashkil etilishi rejalashtirilgan.
